Shu kunlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, bunda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotni faol o‘rganish, islohotlarga nufuzli ekspertlarni jalb etish masalalarini muhokama qilish maqsadida xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Xususan, joriy yilning 27 iyul' kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer va BMTning boshqa agentliklari rahbarlari - BMTning Taraqqiyot dasturi va UNODC vakillari ishtirokida videokonferens aloqa shaklida muloqot o‘tkazdi. Unda tomonlar yangi tashkil etilgan tuzilma bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari hamda qator dolzarb loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasini rivojlantirishda chet el tajribasini o‘rganish, xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Gruziya va qator Yevropa davlatlaridagi ijobiy jihatlarni yurtimizda tadbiq etish vazifasi qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu yo‘nalishda davlat siyosatini yurituvchi mutlaqo yangi tuzilma ekani, davlatimiz rahbari tomonidan hal etilishi lozim bo‘lgan qator muhim masalalar belgilab berilgani qayd etildi. Uchrashuvda Akmal Burxanov so‘zga chiqib, ushbu vazifalarni amalga oshirishda hamda Agentlik faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro hamkorlarning o‘rni muhimligini ta'kidladi.
O‘z navbatida, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer Agentlik tashkil etilgani bilan barchani qutlab, korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha hamkorlikka hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi kabi qator qonun loyihalarini ishlab chiqishda xalqaro ekspertlarni jalb etishda ko‘maklashishini bildirdi. Shuningdek, tomonlar 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi loyihasini tayyorlash, “E-anticor.uz” platformasini ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Shu kunning o‘zida “Hududiy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti rahbari M'yusha Sever bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqotda, shuningdek, sloveniyalik ekspert Goran Klimenchich ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni o‘rganishni qamrab oluvchi maxsus o‘quv dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida imzolangan xalqaro kelishuv va shartnomalarning to‘liq bajarilishi masalasi yuzasidan Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.
Unda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim tavsiyalar bajarilishi muhokama qilindi. Tomonlar ushbu sohada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, xususan, xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida, shuningdek, davlat organlari xodimlari uchun Agentlikda tashkil etiladigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha stajirovka va o‘quv kurslarining dasturi xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Bunda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tayyorgarlik va ta'lim jarayonlariga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etishga tayyorligini bildirdi.