O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov Malayziyaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komissiyasi (Malaysian Anti-Corruption Commission — MACC) rahbari Azam bin Baki bilan uchrashdi.
Elchi Malayziya tomonini O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va qarshi kurashish, davlat va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida korrupsion xavf-xatarlarga barham berish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil xabardor qildi. Mamlakatimizda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingani, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani, Agentlik Prezidentga va parlamentga bevosita hisobdor ekani haqida ma'lumot berildi.
Azam bin Baki O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi islohotlarni yuqori baholadi, biror bir mamlakat ushbu illatdan to‘liq himoyalanmaganini afsus bilan qayd etdi. Uning fikricha, korrupsion qonun buzilishlarini o‘z vaqtida aniqlash, oldini olish, oqibatlarini, ularga imkon beruvchi omillar va sharoitlarni bartaraf etish, sodir etilgan jinoyatlar uchun muqarrar jazo tartibini ta'minlash — butun bir davlat iqtisodiyotining kelgusi taraqqiyotini belgilovchi muhim jihatlardan biri.
MACC rahbari ta'kidlashicha, Komissiya qonun ustuvorligini ta'minlashga va jamoatchilikka yetkazishga harakat qilmoqda, Malayziyada erkinlik prinsiplari, transparentlik va professionallik asosida mazkur jinoyat turini yo‘qotish amaliyotiga urg‘u bermoqda. Antikorrupsiya komissiyasi ish faoliyati parlamentning doimiy nazorati va fuqarolik jamiyati monitoringi uchun bardoshlilik va qarama-qarshilik mexanizmlariga tayanadi.
Pandemiya davrida komissiya xodimlari davlat organlarini jalb qilgan holda birinchi zaruriy mahsulotlar narxining asossiz oshirilishiga, hukumat tomonidan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘larning noto‘g‘ri sarflanishiga, davlat xaridlari suiiste'mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida iqtisodiy va xo‘jalik sektori sub'ektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarida qatnashdi.
Azam bin Baki Malayziya korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlik o‘rnatishga, ekspertlar maslahatlarida ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida ikki idora o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, hamkorlik memorandumini ishlab chiqish va imzolash hamda MASS ekspertlarini masofadan dolzarb mavzular yuzasidan vebinarlar, Agentlik mutaxassislari uchun mahorat-darslarini o‘tkazish jihatlarini muhokama qilish uchun videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.