Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 5 avgust kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan malakali kadrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha e'lon qilingan konkursga arizalar qabuli yakunlandi. Unga respublikaning barcha hududlaridan jami 13 ming 186 ta arizalar kelib tushdi. Barcha hujjatlar elektron tarzda maxsus veb-sayt orqali qabul qilindi.
Saralash jarayonlarining shaffof va adolatli o‘tishini ta'minlash maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzildi. 6 — 15 avgust kunlari davomida uning ikki bor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Komissiya a'zolari kelib tushgan barcha arizalarning konkurs shartlariga mosligi, sohada yetarli ish tajribaga egaligi nuqtai nazaridan, shuningdek, to‘liq to‘ldirilmagan yoki noto‘g‘ri to‘ldirilganligi holatlari bo‘yicha ko‘rib chiqdilar.
Saralash jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6013-son Farmonida belgilab o‘tilgan talablarga muvofiq o‘tkazildi. Jumladan, nomzodlarni baholashda yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikasiya texnologiyalari kabi soha mutaxassislariga alohida e'tibor qaratildi. Natijada yuqori ball to‘plagan 146 nafar nomzod tanlovning keyingi — test bosqichiga o‘tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.
Test sinovlarining o‘tkazilish joyi va vaqti haqida test sinovlariga qo‘yilgan nomzodlarga kamida 3 (uch) kun oldin xabar berish orqali ma'lum qilinadi.
Konkursning test bosqichiga qo‘yilgan nomzodlar ro‘yxati bilan tanishish
Eslatma: Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan arizaning komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaslik hamda nomzodni keyingi bosqichga qo‘ymaslik sabablari va asoslari e'lon qilinmaydi.