Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan malakali kadrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha e'lon qilingan konkursning saralash natijalari joriy yilning 17 avgust kuni e'lon qilindi. Unga ko‘ra 146 nafar nomzod test sinovlari bosqichiga o‘tkazildi.
Saralash jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6013-son Farmonida belgilab o‘tilgan talablarga muvofiq o‘tkazildi. Jumladan, nomzodlarni baholashda yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikasiya texnologiyalari kabi soha mutaxassislariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, nomzodlarning oliy ma'lumotga egaligi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yetarli ish tajriba orttirgani, viloyat va respublika darajasidagi turli lavozimlarda faoliyat olib borgani, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgani kabi qator omillar ham inobatga olindi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Agentlikka kelib tushgan arizalarning asosiy qismi (oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan nomzodlar) o‘rganish jarayonida yuqorida keltirib o‘tilgan talablarga mos kelmaganligi sababli keyingi bosqichga o‘tkazilmadi.
Shu munosabat bilan, konkurs komissiyasi xulosasiga ko‘ra, 146 nafar nomzodlarning kasbga oid bilimlarini hamda intellektual salohiyatlarini baholash maqsadida joriy yilning 26 avgust kuni soat 9:00 dan 16:00 ga qadar Toshkent shahri va hududlarda test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda xavfsizlik va karantin talablariga to‘liq rioya etilishi ta'minlanadi.
Test savollari orqali nomzodlarning qonunchilik va siyosiy yuzasidan bilimlari tekshiriladi, shuningdek, ularning mantiqiy va tahliliy fikrlash qobiliyatlari baholanadi.
Test bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Jarayonlarni nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari bevosita kuzatib borishadi.