Korrupsiya – davlatlar rivojlanishiga to‘siq bo‘ladigan, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat qaror topishiga to‘sqinlik qiluvchi salbiy illat. Korrupsiya ma'lum bir millat yoki davlatga xos emas, u insoniyat qarshisida turgan global muammo hisoblanadi. BMT tomonidan 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni, deb e'lon qilinishi ham bejiz emas.
So‘nggi yillarda yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, ushbu yo‘nalishda jiddiy qadamlar tashlandi. Xususan, O‘zbekistonda ilk bor korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini yurituvchi yangi va mustaqil tuzilma — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini yurtimizda keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda noyabr'–dekabr' oylari davomida Antikorrupsiya haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Haftalik doirasida bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mahalliy va xalqaro ekspertlarning fikr va takliflarini o‘rganish, shuningdek, istiqboldagi dolzarb vazifalar va tendensiyalarni muhokama qilishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy anjumanlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralarda OAV va keng jamoatchilik vakillari uchun ochiq eshiklar kuni, barcha hududlarda yoshlar ishtirokida ijtimoiy so‘rov va aksiyalar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib etishga qaratilgan tanlovlar o‘tkaziladi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Tadbirlar sanasi, o‘tkazilish joyi va boshqa qo‘shimcha ma'lumotlar Agentlik rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam e'lon qilib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati