O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Hisob palatasi bilan birgalikda 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur yo‘nalishda har bir vazirlik uchun «yo‘l xarita»lar ishlab chiqiligan. Ushbu «Yo‘l xarita»larida belgilangan vazifalarning vazirlik va idoralardagi ijro holatini o‘rganish maqsadida Agentlik xodimlari tomonidan Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Transport, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari hamda Markaziy bank va O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjalarida monitoring o‘tkazildi.
O‘rganish mobaynida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham aniqlandi. Mazkur masalalar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Qurilish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga taqdimnomalar kiritildi.
Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga kiritilgan taqdimnomada quyidagi masalalarga e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2019 yil 1 avgustdan boshlab oliy ta’lim tizimida eksperiment tariqasida “korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
2020 yil may oyidan boshlab Vazirlikning markaziy apparatida BMTning Taraqqiyot dasturi doirasida KPMG (Italiya) ekspertlari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu vazifalar ijrosi bajarilmagan hamda korrupsiyaga qarshi profilaktik tizimini joriy etish bo‘yicha quyidagi kamchiliklar hamon saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, Vazirlikning markaziy apparatida tashkil etilishi lozim bo‘lgan muvofiqlik tizimi hamon to‘liq tashkil etilmagan. Aksincha, vazirlik huzuridagi Markazning bir bo‘limiga qo‘shimcha vazifa sifatida yuklab qo‘yilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim tuzilmaning bunday tashkil etilishi sohadagi ushbu yo‘nalishdagi qolgan vazifalarni ham sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda.
Ikkinchidan, o‘rganishlar davomida (15 dekabr holatiga) “Yo‘l xaritasi”ga asosan Vazirlik zimmasiga 2020-2021 yillar davomida 53 ta vazifa va topshiriqlar yuklatilgan bo‘lsa, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning 15 tasi bo‘yicha vazifa va topshiriqlar bajarilmay qolganligi aniqlandi. Belgilangan vazifa va topshiriqlarning 8 tasi qisman bajarilgan.
Uchinchidan, oliy tizimida korrupsiyani bartaraf etishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan. Jumladan, oliy ta’limga rahbar va o‘qituvchi kadrlarni ishga qabul qilish va tayinlashning shaffof tizimi to‘la yo‘lga qo‘yilmagan.
Ta’kidlash lozimki, bu kabi kamchiliklar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Moliya vazirliklari hamda Markaziy bank kabi tashkilotlarda ham uchramoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni paytda mutasaddilar yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy harakatlarni bajarishlari so‘rab qolinadi.