Bugungi uchrayotgan masalalarning tub mohiyatiga yetish, uning ildizini aniqlash uchun dastlabki bo‘g‘indan boshlab barcha shart-sharoitlar o‘rganilmasa, u muammoni hal qilish uchun qilingan harakatlar samarasiz bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “mahallabay” va fuqarolar bilan yuzma-yuz ishlash tiziminining mazmuni ham shunga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 6-noyabrdagi sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohadagi korrupsion holatlarni bartaraf etish, sohasini shaffof tizimga aylantirish yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi hamda Milliy kengash qarori bilan sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida hududlarda o‘rganish va muloqotlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 17-18-fevral kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Andijon viloyatidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rgandi.
Jumladan, hududdagi ixtisoslashgan shifoxonalar, tuman tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish markazlarida faoliyat yuritayotgan shifokor va hamshiralar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Barcha muassasalarda xodimlarga korrupsiya holatlari, uni keltirib chiqaruvchi omillar, tanish-bilishchilik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, korrupsiya jinoyatlari uchun belgilangan javobgarlik choralari haqida ogohlantirildi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida bemorlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, ularning sog‘liqni saqlash tizimi yuzasidan fikrlari o‘rganildi. Yaratilgan shart-sharoitlar, bepul xizmatdan foydalanish darajasi, dori-darmonlar bilan ta’minlanganligi, shifokorlar tomonidan ortiqcha narsalar talab qilish holati, ishga qabul qilish tartibi kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar davom etmoqda.