Joriy yilning 12-fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan har bir viloyatning huquq-tartibot idoralarida korrupsiyaviy omillarni bevosita aholi bilan muloqot tashkil etgan holda, jamoatchilik fikri tahlili asosida chuqur o‘rganish vazifasi yuklatildi.
Topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash maqsadida 19-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Andijon viloyatidagi jinoyatchilik eng ko'p sodir etilayotgan Andijon shahri, Asaka va Andijon tumanlarida ichki ishlar organlari faoliyati, profilaktika inspektorlari hamda aholi bilan uchrashdi.
Jumladan, Andijon shahar Ichki ishlar organlari muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli va 6-sonli ichki ishlar bo‘limiga, Andijon viloyat IIB YHXB, Andijon shahar ichki ishlar organlari muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli IIB ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganildi. Mazkur jarayonlarda ichki ishlar xodimlari bilan shaxsan muloqot qilinib, ish faoliyati samaradorligi, shaffofligi, fuqarolar bilan munosabatlar muhokama qilindi.
O‘rganishlar jarayonida joylarda ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi faoliyatida inson omili darajasi yuqori ekani, sohada raqamlashtirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, hamon ma’lum to‘siqlar mavjudligi aniqlandi.
Tashrif davomida Asaka tumanida joylashgan jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan “Baraka” MFY profilaktika inspektori bilan bevosita muloqot qilindi va ish faoliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi tizimli muammolar muhokama qilindi.
Shuningdek, Asaka tumanidagi qator mahallalarning aholisi bilan suhbat uyushtirilib, huquq tartibot idoralari va ichki ishlar organlari faoliyati, xususan, fuqarolarning profilaktika inspektori tomonidan olib borilayotgan ishlardan qoniqish darajasi haqida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
O‘rganishlar davom etmoqda.