O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Kodeks loyihasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga oid bir qator muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda.
Xususan,
• Davlat xizmatchisining noqonuniy boylik orttirganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda;
• pora predmeti sifatida moddiy yoki mulkiy manfaatdorlik bilan bir qatorda nomoddiy yoki nomulkiy manfaatdorlik bo‘lishga oid qoidalar belgilanmokda;
• pora berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda;
• chet el fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston hududida doimiy yashamaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi jismoniy shaxslari ishtirokidagi korrupsiyaviy jinoyatlar sodir qilganda (O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etgan jinoyatlari uchun o‘sha davlat sudining hukmi bilan jazolangan bo‘lmasalar) ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda;
• Javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish muddatlari korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan bir yarim baravar ko‘payishi nazarda tutilmoqda;
• korrupsiyaviy qilmishlarga qaysi turdagi jinoyatlar kirishi alohida belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan:
Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish;
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
Pora olish;
Pora berish;
Pora olish-berishda vositachilik qilish;
Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi;
Harbiy mansabdorlik jinoyatlari tasnifiga kiruvchi hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi jinoyati;
Shaxsiy manfaatlarini yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab ta’magirlik niyatida:
nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish;
hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
noqonuniy boyish;
hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish;
Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
Xizmat mavqeidan foydalanib Firibgarlik qilish;
Xizmat lavozimidan foydalangan holda Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish;
Jinoiy faoliyatdan olingan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkka qonuniy tus berish (agar mazkur jinoyat korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasiga 9 martga qadar o‘z takliflaringizni bildirishingiz mumkin.