O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash Agentlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan bir qator sohalar va normativ-huquqiy hujjatlar doirasida o‘rganishlar tashkil etildi.
Xususan, Agentlikning Korrupsiyaning oldini olish va “komplayens – nazorat” tizimini joriy etish boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatidagi ayrim korrupsion xavf-xatarlar o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Bojxona kodeksidagi huquqiy bo‘shliq tufayli tovarlarni reeksport qilishda (bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan import bojxona bojlari va soliqlarini undirmasdan qaytarish yoki iqtisodiy siyosat choralarini qo‘llamasdan olib chiqish) korrupsion xavf yuzaga kelmoqda.
Bugungi kunda, tashqi iqtisodiy faoliyat (keyingi o‘rinlarda - TIF) sub’ekti amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida biror-bir bojxona rejimi ostida olib kirilgan tovarni “reeksport” bojxona rejimi ostida respublikadan qayta olib chiqish imkoniyatiga ega.
Jumladan, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlarni reeksport bojxona rejimi ostida olib chiqish tartibi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lsagina amalga oshiriladi.
Bunda tovar yoki uni qayta ishlash mahsulotini bojxona organi identifikatsiya qila olsagina tovar reeksport qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, ilgari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni reeksport qilish bojxona rejimiga joylashtirishga ayni bir vaqtning o‘zida qator talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Bugungi kunda, TIF sub’ektining murojaati asosida reeksport bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi elektron tarzda bojxona postiga taqdim etiladi.
Biroq, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida amaldagi Bojxona kodeksining 33-moddasiga muvofiq tovarga qo‘yilgan talablardan biri sifatida keltirib o‘tilgan ishlatilmagan va ta’mirlanmagan tovarlarga istisno tariqasida tovarni qaytarishga sabab bo‘lgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun ishlatilganligini belgilashning aniq mezonlari mavjud emas.
Ya’ni, ushbu normaga asosan “tovarni qaytarishga sabab bo‘lgan nuqsonlarni aniqlash uchun tovardan foydalanish” hollarini o‘rganish uchun mutaxassislar jalb qilinishi lozim bo‘lgan murakkab jarayon hisoblanadi.
Bundan tashqari, “boshqa holatlarini aniqlash uchun tovardan foydalanish” hollarini o‘rganish esa keng tushuncha hisoblanib, har qanday holatni ushbu normaga moslashtirish mumkin.
Natijada, tovar haqiqatdan ham maqsadli ishlatilgan bo‘lsada, uning nuqsonlarni aniqlash uchun foydalanganligi maqomi ostida deb qarash TIF ishtirokchisining shaxsiy qarashlariga bog‘liq bo‘lib, korrupsiyaga oid xavf-xatarni keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, xodim tomonidan o‘tkaziladigan bojxona ko‘rigi jarayonida tovarlarni haqiqatdan ham yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun ishlatilganligiga baho berish murakkab jarayonlardan hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Bojxona kodeksning 33-moddasiga asosan, tovarni ishlatilishi va ta’mirlanishiga sabab bo‘lgan aniq mezonlarni ishlab chiqilishi korrupsiyaga oid xavf-xatarlarning oldini olish choralaridan biri hisoblanadi.
Takomillashtirilishi lozim bo‘lgan yana bir masala — bu yangi texnologik uskunalarni olib kirishda bojxona rasmiylashtiruvida aniq mezonlar belgilanishi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 246-moddasi 7-bandi hamda Adliya vazirligida 2013-yil 20-martda 2436-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va QQSdan ozod qilinadigan texnologik jihozlar ro‘yxatini tasdiqlash haqida”gi Qarori bilan tasdiqlangan texnologik jihozlar ro‘yxatida keltirilgan tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan.
Mazkur bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi texnologik uskunalar (“erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida, uning ishlab chiqarilgan yili 3 yildan ko‘p bo‘lmagan texnologik uskuna)ga tatbiq etib kelinmoqda.
Shu bilan birga, texnologik jihozlarning yangiligini tasdiqlash uchun xo‘jalik sub’ektlari tomonidan bojxona organlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi paytida olib kirilayotgan texnologik jihozning ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlovchi ishlab chiqaruvchi zavodning texnik pasporti yoki jihozlarni ular tomonidan ishlab chiqarilganligi, shu jumladan, ishlab chiqarilgan yili to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ishlab chiqaruvchining hujjati taqdim etish lozim.
Bugungi kunda, MDHga a’zo bo‘lmagan davlatlardan olib kelinayotgan texnologik jihozlarning aksariyati ishlab chiqaruvchining hujjati, ya’ni xati asosida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilib, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmoqda. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqaruvchining xati elektron tarzda BYUDga ilova qilinib, bojxona organlarining axborot tizimiga yuboriladi. Lekin, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida xatning asllik darajasiga baho berish mexanizmi mavjud emas. Ushbu holat ham bojxona xodimining yakuniy xulosasiga, ya’ni inson omiliga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, taqdim etilgan ishlab chiqaruvchi xatini asllik darajasini aniqlashning aniq mexanizmini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning natijasida esa tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid xavf-xatarlarning oldi olish, davlat budjetiga bojxona to‘lovlari tushumini oshirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan qasddan soxta hujjatlarni yuborish holatlarini keskin kamaytirish hamda bojxona qonunbuzilish xolatlari aniqlangan taqdirda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash kabi ijobiy natijalarga erishish mumkin.
Tahlillar natijasida aniqlanishicha, bugungi kunda eksport ko‘rsatkichlarining sun’iy oshirilishi natijasida “soxta eksport” yuzaga kelmoqda.
Bugungi kunda, amaldagi qonunchilikka asosan, tovarlarni eksportga yo‘naltirishni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda eksport operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi TIF sub’ektlari bir qator soliq imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda.
Jumladan, 2019-yil 1-yanvardan boshlab tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan foyda qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha hamda yagona soliq to‘lovi bo‘yicha kamaytiradilar.
Shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida hisobot davri yakuni bo‘yicha tayyor mahsulot eksporti ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga ularning arizalariga ko‘ra eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, butlovchi buyumlar va materiallar importida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashni bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilishi belgilangan.
Amaldagi imtiyozlardan foydalanish maqsadida eksport shartnomalari bo‘yicha tovarlarning qiymati asossiz oshirilish holatlari kuzatilmoqda.
Olingan tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha eksport shartnomalari narxlari 20 baravarga oshirilgan holatlar aniqlangan. Shuningdek, 2020-yilda eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik summalari jami eksport hajmining 0,8%ni tashkil etdi (2019-yilda 1,8%ni tashkil etgan).
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, eksport shartnomalari bo‘yicha tovarlarning narxi asossiz oshirilishi quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
- foydalanilgan soliq imtiyozlari hisobiga davlat budjetiga undirilayotgan soliq tushumining kamayishi;
- eksport ko‘rsatkichlarining sun’iy oshishi natijasida “soxta eksport”ning yuzaga kelishi;
- tashqi savdo aylanmasining eksport xajmi bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlar shakllanishi;
- shartnomalar bo‘yicha pul tushumi ta’minlanmasdan muddati o‘tgan debitor qarzdorliklar shakllanishiga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagilarga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bojxona sohasidagi masalalar yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:
1. Chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan jarima qo‘llash choralarini kuchaytirish;
2. TIF sub’ektlarining “qora ro‘yxati”ni shakllantirib borish, ushbu ro‘yxatga tushgan xorijiy korxonaga eksportni amalga oshirayotgan rezident korxonalar tomonidan debitor qarzdorligi bartaraf etilmagunga qadar tovarni faqat “oldindan to‘lov” shakli ostida yetkazib berish;
3. Eksportga yo‘naltirilgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash qoidalarini belgilab beruvchi me’yoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish (statistik qiymat va tovarning haqiqiy bahosi bojxona qiymatidan shakllantirilishini nazarda tutish).