Joriy yilning 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ikki davlat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, idoralararo o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ilg‘or tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda tomonlar sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan vebinarlar tashkil etish, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati samaradorligini monitoring qilish hamda baholash bo‘yicha tajriba almashish hamda ikki tomonlama hamkorlik asosini yaratish maqsadida o‘zaro anglashuv Memorandumi loyihasini ishlab chiqish ishlarini boshlash yuzasidan kelishuvga erishdilar.