Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Surxondaryo viloyati tumanlaridan biridagi umumta’lim maktabining bir necha xodimlari joriy yilning 9-fevral kuni murojaat yo‘llagan. Murojaatda umumta’lim maktabi mansabdor shaxslari tomonidan budjet mablag‘larining sarflanishida jiddiy qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi bayon qilingan.
Xususan, maktab mas’ullaridan biri 10 nafar o‘qituvchilarning oylik maoshlaridan noqonuniy ravishda turli miqdordagi chegirmalar ushlab qolayotganligi hamda 2 nafar xodim nomiga rasmiylashtirilgan oylik ish haqlarini «O‘ZASBO» tizimi orqali maqsadsiz sarf qilayotganligi ma’lum qilingan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 15-fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Surxondaryo viloyati Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasiga murojaatda ko‘rsatilgan vajlar yuzasidan mualliflar ishtirokida tekshirish o‘tkazish bo‘yicha so‘rov yuborildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, maktabning mansabdor shaxslari tomonidan 2017-2020-yillar mobaynida 95 ta holat bo‘yicha ancha miqdordagi budjet mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilib, talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.