Davlat rahbari topshirig‘iga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har bir hududning huquq-tartibot idoralarida korrupsiyaviy omillarni bevosita aholi bilan muloqot tashkil etgan holda, jamoatchilik fikri tahlili asosida o‘rganishlar davom etmoqda.
Joriy yilning 16-mart kuni o‘rganishlar Farg‘ona viloyati hududida bo‘lib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori hamda ishchi guruh a’zolari dastlab, Farg‘ona viloyat IIB faoliyati bilan tanishishdi. Bunda “102” shoshilinch raqamining ishlash tizimi va u orqali bildirilayotgan murojaatlarning qabul qilish jarayonlari o‘rganildi.
Keyingi o‘rganish manzili Farg‘ona shahar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi bo‘ldi. Bo‘limda rasmiylashtirilgan hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishi va o‘z egalariga topshirilishida muammolar mavjudligi aniqlandi.
Farg‘ona shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida ham fuqarolar bilan suhbat tashkil etildi. Muloqotda navbat asosida xizmat ko‘rsatilmasligi, elektron tizim vaqti-vaqti bilan ishlamasligi va bu fuqarolarni haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi, tashkilot atrofida xizmat ko‘rsatish sharoitini yaxshi emasligi ta’kidlandi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan ichki ishlar organlarining fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi asosiy tuzilmalaridan biri hisoblanuvchi ushbu yo‘nalishdagi kamchiliknlarni barchasini bartaraf etish lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida profilaktika inspektorlarining ish faoliyati bilan tanishildi, suhbatlashildi, hududdagi jinoyatlar ortish sabablari, tahlili haqida ularning fikrlari o‘rganildi.
O‘rganishlar davom etmoqda.