2020-yilning 14-dekabr kuni Xorazm viloyati Shovot tumanida istiqomat qiluvchi tadbirkor A.S. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat qiladi.
Murojaatda A.S. o‘ziga baliq hovuz tashkil qilish uchun ajratilgan yer maydonining bir qismi Shovot tuman hokimining qarori bilan fuqaro Sh.R.ga noto‘g‘ri berilganligi ta’kidlagan. Sh.R. tomonidan mavjud zovur hamda uning muhofaza zonasida bino-inshoot qurilganligi, suv keladigan yo‘llarni yopib qo‘yilganligi sababli, A.S. tadbirkorlik faoliyatini boshlay olmayotganligini bildirgan. Shuningdek, ushbu holat yuzasidan bir necha sud instansiyalari tomonidan turli xildagi qarorlar chiqarilganligi ma’lum qilingan.
Agentlik tomonidan ushbu masala o‘rganilib, aniqlangan holatlarni har tomonlama to‘liq va xolisona ko‘rib chiqib, qonuniyligiga baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining qaroriga asosan, Xorazm viloyat ma’muriy sudi kassatsiya instansiyasining hal qiluv qarori bekor qilinib, Shovot tuman hokimining fuqaro Sh.R.ga yer ajratish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb topildi.