Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan joriy yilning 23-25-mart kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish va halollik bo‘yicha Global forum tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: IHTT 1961-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar idoraviy halollik to‘g‘risida 270 dan huquqiy hujjatlarni ishlab chiqqan hamda ushbu hujjatlarning aksariyati xalqaro standart sifatida e’tirof etilgan.
IHTTning Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha tarmog‘i Istanbul harakatlar rejasini amalga oshirish, sud va huquqni muhofaza etish organlari tizimini takomillashtirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini huquqiy va institutsional jihatdan isloh qilish bo‘yicha bir qator tadbirlarni amalga oshirib keladi.
Onlayn tashkil etilayotgan ushbu forumning “COVID-19 ga javob va undan tiklanish jarayonlarida korrupsiya va halollikning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan 25-mart kunidagi sessiyasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Sessiya BMT Taraqqiyot Dasturining Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Global loyihasi tomonidan tashkil etildi.
Sessiyada Agentlik direktori tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini kuchaytirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari sohasidagi aniqlangan ayrim korrupsion holatlar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, sohani takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga ushbu jarayonlarga nodavlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarini faol jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ma’ruzada qayd etilganidek, COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekiston hukumati tomonidan aholini va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tashkil etish, soliq imtiyozlari, kredit ta’tillari berish orqali qo‘llab-quvvatlandi. Ahamiyatlisi, mazkur jamg‘arma mablag‘larining samarali sarflanishini ta’minlash, talon-toroj bo‘lishini oldini olish maqsadida hukumat tomonidan yangi, shaffof mexanizmlar yaratildi. Bu mablag‘lar sarflanishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga, qonunbuzilish holatlarini oldini olishga, hisobdorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda shuningdek, Germaniyaning Transparency International, Norvegiyaning U4, Shvetsiyaning Sida kabi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbariyati hamda BMT Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining vakillari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.
Sessiya davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan COVID-19 koronavirusi pandemiyasi davrida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, halollikni ta’minlash hamda davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy salohiyatini tiklash yuzasidan fikr almashildi.