Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning muhim yo‘nalishlaridan biri – bu tadbirkorlikning erkin rivojlanishi, biznesda barcha uchun teng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga to‘sqinlik qiluvchi korrupsion omillar va holatlarni bartaraf etishdir.
Korrupsiya nafaqat davlat sektori, balki xususiy sektor taraqqiyoti uchun ham katta g‘ov hisoblanadi.
Joriy yilning 30-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik memorandumidan ko‘zlangan asosiy maqsad biznes sohasida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlari va boshqa qonun buzilishlar sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, sohadagi korrupsiya holati tizimli tahlilini amalga oshirish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish masalasida hamkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.
Ta’kidlanganidek, Biznes-ombudsman instituti tashkil etilganligi natijasida tadbirkorlar oldidagi ko‘plab byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramay, ushbu yo‘nalishda to‘siqlar va amalga oshirilishi lozim dolzarb vazifalar yetarlicha. Xususan, sud organlarida 2020 yil davomida korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan 2 185 nafar shaxslardan 122 nafari davlat organlari xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘yganligi, hokimiyat yoki mansab vakolati suiiste’mol qilinib, tender savdolarini tashkil etish, yer maydonlarini ajratishda shaffoflik ta’minlanmasdan, mas’ullar tomonidan mazkur masalalarda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yon bosilishi va boshqa holatlari aniqlangan. Shuningdek, 45 nafari davlat xaridlari bilan bog‘liq qonun talablariga rioya qilmaganligi, ya’ni davlat ulushi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarda ish yuritishi uchun zarur jihozlarni sotib olish yoki boshqa masalalarda qonun talablariga rioya qilinmasdan kelganligi, shu jumladan yetkazib beruvchi tashkilot bilan til biriktirgan holda mulklarning o‘zlashtirilishi, rasmiy hujjatlarning soxtalashtirilishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Albatta, bu kabi holatlar halol faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga, sohadagi sog‘lom raqobatga ham zarar yetkazishi aniq.
Qayd etilganidek, memorandum doirasida hamkorlikning asosiy maqsadi, yo‘nalishlari hamda hamkorlikni amalga oshirish tartibi belgilab olindi.
Asosiy yo‘nalishlar sifatida tadbirkorlik sohasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga barham berish, ularning oqibatlari, sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, tadbirkorlik sohasida xavf-xatar omillarini inobatga olgan holda tadbirkorlar bilan hamkorlikda “halollik” siyosatini ishlab chiqish belgilandi. Shuningdek, korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiya holatlari yuzasidan xabar berish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik (yoshlar, fuqarolik jamiyati, tadbirkorlik subyektlari) harakatlarini rag‘batlantirish kabi masalalar ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Bunda O‘zbekiston biznesining Korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasini birgalikda takomillashtirish va imzolash asosiy vazifa sifatida belgilandi. Xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda ham ushbu hujjatda korrupsiyaviy xavf-xatarni oldini olish, bu kabi munosabatlarga kirishmaslik, davlat va nodavlat organlar bilan munosabatga kirishganda ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan jihatlar batafsil ko‘rsatilgan.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlik sohasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlari yuzasidan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, halollik va biznesga ishonchni kuchaytirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qator hujjat va qo‘llanmalarni ishlab chiqish va targ‘ib qilish, tadbirkorlik sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida davra suhbatlari, xalqaro mutaxassislar ishtirokidagi uchrashuvlar, seminarlar, konferensiyalar, OAVda chiqishlar va boshqa targ‘ibot tadbirlarini tashkillashtirish, tadbirkorlik faoliyati sohasida qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlarni tashkil etish belgilandi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlik sohasida mavjud korrupsiya holatlarini bartaraf etishda o‘zaro hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.