Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari tomonidan “mahallabay” tizimida ishlarni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha hududlarda fuqarolar murojaatlari o‘rganilmoqda.
Xususan, Agentlik direktori Akmal Burxanov fuqarolar tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilgan qurilish ishlari sifatsizligidan norozilik bildirib yo‘llangan murojaatlari asosida mazkur muassasa holati shaxsan o‘rgandi.
Aniqlanishicha, 2018-yil avgust oyida 7-MTMni kapital qurish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tenderda “To‘raqo‘rg‘on qurilish servis” xususiy korxonasi g‘olib bo‘lgan. Shu maqsadda davlat budjetidan 2,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Binoda olib borilgan qurilish ishlari 2018-yilning dekabr oyida yakunlangan. Biroq, foydalanishga topshirish jarayonidan 7-sonli davlat MTM mudiri tomonidan qator kamchiliklar mavjudligi bois ob’ekt qabul qilinmagan. Shunga qaramay, obyekt tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari tomonidan qabul qilingan.
7-sonli davlat MTM foydalanishga topshirilganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsada, qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani sababli hozirda qator kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, binoning havo aylanish tizimi me’yorda emasligi bois devorlarning yuqori qismini mog‘or bosgan, ayrim xonalar devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan, shiftdagi suvoqlar ko‘chgan.
“To‘raqo‘rg‘on Servis qurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan bo‘lsada, mutasaddilar tomonidan binoni foydalanishga qabul qilib olingan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur holatni o‘rganish bo‘yicha viloyat prokuraturasiga so‘rov yuborildi. So‘rov asosida hozirda holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda tekshirish harakatlari olib borilmoqda.