Joriy yilning 2-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab, Xalqaro maslahat yig‘ilishi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Yevropa ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mintaqaviy muloqot, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, TIKA, JICA, KPMG kabi tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakillari, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, mamlakat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ushbu islohotlar natijasi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020-yil reytingiga muvofiq, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilab, 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egalladi (2019-yilda 153 o‘rin).
Qayd etilganidek, “2021-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi” loyihasi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni maromiga yetkazish, hayotiyligini ta’minlash maqsadida davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira vakillari ishtirokida Milliy maslahatlashuvlar tashkil etildi. Jumladan, joriy yilning 28 yanvar kuni Oliy Majlis palatalari, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, vazirlik va boshqa davlat tashkilotlari, 18 mart kuni fuqarolik jamiyati instituti vakillari, 26 mart kuni ilmiy va akademik doiralar ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi.
Muhokamalarda 300 ga yaqin faollar, ekspertlar qamrab olindi. Ular tomonidan 100 dan ortiq takliflar bildirildi. Har bir ishtirokchi tomonidan bildirilgan takliflar asosida strategiya loyihasi yanada takomillashtirildi.
Maslahatlashuv yig‘ilishining navbatdagisi esa, Strategiya loyihasi yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar vakillarining fikrini olish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda xalqaro ekspertlar Strategiya loyihasi ishlab chiqilayotgani mamlakatning yaqin 5 yilda korrupsiyaga qarshi kurshish bo‘yicha davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishiga turtki bo‘lishini hamda O‘zbekistonning BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasining ishtirokchi davlatlar o‘zlarining uzoq yillik dasturlarini qabul qilish bandining ijrosi ta’minlanishiga ta’kidlashdi.
Helena Frayzer, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
- Strategiya loyihasining davlat, nodavlat, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida muhokamadan o‘tkazilganini, keyinchalik xalq muhokamasiga qo‘yilishini ijobiy baholayman, bu amaliyot korrupsiyani bartaraf etish uchun barcha birlashib, muvofiqlashgan holda kurashni tashkil etish borasidagi umummilliy harakatning debochasi hisoblanadi.
Shu bilan birga bir qator takliflar ham bor. Strategiyaga korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda insonlarning bilim darajasini oshirishni kuchaytirish masalasini kiritish kerak. Va eng asosiy urg‘uni Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning rolini kuchaytirishga qaratish lozim.
Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili
- Korrupsiyaga qarshi kurash va uni oldini olishda sohaning qonunchilik asoslarini takomillashtirish, jazo muqarrarligini ta’minlash bilan birga masalaga global jihatdan yondashish, ushbu yo‘lni bosib o‘tgan davlatlarning tajribalariga asoslangan tavsiyalar muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga loyihani bajarish ijro etish mexanizmini va uning muddatlarini ko‘rib chiqish lozim. Aniq muddat va ijrochi belgilanmas ekan, strategiyada belgilangan vazifalar ijrosiz qolib ketishi mumkin.
Ruslan Ryaboshapka, IHTTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i eksperti
- Strategiya loyihasida belgilangan vazifalarni samarali ijrosini ta’minlash uchun maqsadlar indikatorini aniq ko‘rsatib berish lozim.
Ikkinchidan, sohaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xususan, korrupsiyaga qarshi hujjat va dasturlarni optimallashtirish lozim.
Uchinchidan, strategiya konseptual hujjat ekanligini inobatga olgan holda, undagi har bir vazifani ijro mexanizmini o‘zida aks ettirgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish kerak.
Bildirilgan takliflar asosida Milliy strategiya loyihasi yuzasidan takomillashtirish hamda kelgusida xalq va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish rejalashtirilgan.