“Transparency international” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 2020-yilda O‘zbekiston 2019 yildagiga nisbatan 7 pog‘ona yuqorilab, indeks bahosida qatorasiga 4 yil davomida barqaror o‘sishga erishdi.
Korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kundagi dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Uning davlatlar, mintaqa iqtisodiyoti, siyosati, ijtimoiy hayotiga halokatli ta’sirini ayrim mamlakatlar inqirozi misolida ko‘rishimiz mumkin.
Masalaning yana bir muhim jihati - mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar, investitsiyalar hajmi, teng shartlarda ikki tomonlama shartnomalar imzolash kabi masalalarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu bois, so‘nggi yillarda xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tgan parlament va prezident saylovlarida ham siyosiy partiyalar korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘zlarining eng muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatmoqda. Ushbu illat to‘g‘risidagi xavotirli mulohazalar dunyoning eng yuksak minbarlaridan ham tez-tez yangramoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish jahon hamjamiyati korrupsiya tufayli har yili 2,6 trillion AQSH dollari miqdorida zarar ko‘rayotganini ta’kidlashining o‘ziyoq masalaning mohiyatini namoyon etib beradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda ham davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buni so‘nggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishda Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta hisoblanadi.
Harakatlar strategiyasining qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishida bevosita korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ushbu dasturiy hujjat asosida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qator muhim choralar ko‘rildi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning xalq qabulxonasi, virtual qabulxonasi, shuningdek, har bir vazirlik va davlat idoralarining ishonch telefonlari hamda virtual qabulxonalari ishga tushirildi. Respublika bo‘ylab 209 ta xalq qabulxonasi tashkil etilib, fuqarolarning huquqlarini tiklash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, olis hududlarga barcha darajadagi rahbarlarning sayyor qabullarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Xalq qabulxonalari fuqarolarning o‘zi yashayotgan hududda hamda butun mamlakatda yuz berayotgan voqealarga befarq bo‘lmasdan faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratdi. Xalqning har bir masala bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish erkinligi ta’minlanishi, mansabdorlarning xalq bilan bevosita muloqotga kirisha boshlaganining o‘ziyoq quyi va o‘rta tizimdagi korrupsiya darajasi qisqarishiga sabab bo‘ldi.
Ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar erkinligini ta’minlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi. Natijada mansabdorlarning har bir xatti-harakati jamoatchilik ko‘z oldida bor holicha namoyon bo‘la boshladi. Zero, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qo‘l urish murakkablashadi.
Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilinib, 150 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari aholiga qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilmoqda. Ushbu jarayonda inson omilini kamaytirib, davlat xizmatchisi va fuqaro o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatning bartaraf etilishi hamda axborot texnologiyalarining keng qo‘llanilishi, shubhasiz, korrupsiyaviy omillarni sezilarli darajada kamaytirdi.
So‘nggi yillarda davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek, jamoatchilik nazorati institutlari tubdan takomillashtirildi. Raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qo‘llanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirdi. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini onlayn auksionda sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi hamda doimiy takomillashtirilib borilmoqda.
Davlat xaridlari to‘g‘risida ma’lumotlar d.xarid.uz saytiga joylashtirilib borilmoqda. Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining hisobga qo‘yilgan ma’lumotlari bazasi (my.gov.uz) va boshqa platformalar bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning eng samarali instrumentlari bo‘lgan ochiqlik va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati prinsipini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan qoidalarni bekor qilish maqsadida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi.
Prezidentimizning 2018-yilda imzolangan qarorida har bir vazirlik va davlat idorasi huzurida jamoatchilik kengashi tashkil etilishi belgilab berildi. Albatta, bu kabi kengashlar davlat tashkilotlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Yuqoridagi islohotlarning amalga oshirilishida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.
Bu borada tashlangan eng muhim qadam davlatimiz rahbari o‘z lavozimiga kirishgandan so‘ng ilk qonun hujjatlaridan biri sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagani bo‘ldi. 2017-yilda qabul qilingan ushbu qonun bilan “korrupsiya”, “korrupsiyaviy huquqbuzarliklar”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarga ta’rif berildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati yo‘nalishlari belgilandi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Dastur doirasida qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar ham mohiyatan korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
2018-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi. Bu tuzilmalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
2019-yilda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ish boshladi. Barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmati nufuzini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelishi, rasmiyatchilik va byurokratiyaga imkon beruvchi sharoitlarni yo‘q qilish maqsadida ushbu agentlikka davlat fuqarolik xizmatchilarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishning munosib darajasini kafolatlash choralarini joriy etish vazifasi yuklatildi.
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga qonunga xilof ravishda har qanday tarzda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlarini istisno etish, davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyati shaffofligini oshirish kabi masalalarni o‘zida aks ettirgan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini takomillashtirishda 2020-yil mamlakatimiz tarixidan alohida o‘rin egallaydi. Boisi, o‘sha yil 29-iyun kuni sohaning rivojiga turtki bo‘ladigan ikki muhim hujjat - Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiruvchi yangi tuzilma - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Agentlik davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi. Shuningdek, farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi etib qayta tashkil qilindi.
Bundan tashqari, 2021-yil 1-yanvardan 37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilindi. Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xarita”si tasdiqlandi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan birgalikda vazirlik va idoralar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan idoraviy hujjatlar, turli sohalarda “korrupsiyasiz soha” dasturlari va boshqa reja-dasturlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlanmoqda.
2020-yilda Prezidentimiz raisligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha o‘nga yaqin yig‘ilish va uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bularning barchasi mamlakatimizda ushbu illatga qarshi davlat darajasida kurashishga qat’iy bel bog‘langanini anglatadi. Buni nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki xalqaro hamjamiyat ham jiddiy siyosiy iroda sifatida qabul qilmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida urg‘u berilib, O‘zbekistonda bu ish yangi bosqichga ko‘tarilgani, muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil tuzilma tashkil etilgani ta’kidlangani ushbu yo‘l mamlakatimiz uchun naqadar muhimligini butun dunyoga namoyon etdi. Mazkur ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘sishini ta’minlash bilan bir qatorda xalqaro reytinglar va indekslarda yuqorilashga va yurtimiz nufuzini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Davlatlarda korrupsiya darajasi va unga qarshi kurashish borasida hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni baholab boruvchi eng muhim reytinglardan biri - “Transparency international” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 2020-yilda O‘zbekiston 2019-yildagiga nisbatan 7 pog‘ona yuqorilab, indeks bahosida qatorasiga 4 yil davomida barqaror o‘sishga erishdi (2013-yilda 17 balldan 2020-yilda 26 ballgacha). Shu bois, ushbu tashkilot 2020-yilgi hisobotida O‘zbekistonni mintaqaning tez sur’atlarda yaxshilanib borayotgan davlatlari qatorida e’tirof etdi.
Shuningdek, “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi asosini tashkil qiluvchi 13 ta indeksning deyarli barchasida O‘zbekiston barqaror o‘sish qayd etgan. Biroq erishilayotgan natijalarga qaramay, oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomada ham korrupsiya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tib, uning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shartligini ta’kidladi. Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida belgilangan bir qator vazifalar “Yoshlarni qo‘llab- quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, agentlikka davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish vazifasi belgilab berildi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar “Ochiq ma’lumotlar portalida”da 147 ta vazirlik va idoraning 10 mingdan ortiq ochiq ma’lumotlar to‘plami bor. O‘rganish va tahlil yakuni bo‘yicha 39 ta vazirlik, idora va tashkilot tomonidan berilgan 240 ta ochiq ma’lumotni kengaytirish borasidagi taklif loyihalari saralanib, ro‘yxati tuzildi. Shuningdek, davlat dasturidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘taradigan “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini ishlab chiqish masalasi ham o‘rin olgan. Loyiha doirasida barcha vazirlik va idoralardagi mavjud korrupsiyaviy omillar sohalar hamda hududlar kesimida chuqur tahlil qilinadi.
Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar va manfaatdor tashkilotlar jalb qilinadi. Natijada yurtimizda ilk bora korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, korrupsiya alomatlari mavjud munosabatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida ochiq va shaffof mexanizmlar asosida bosqichma-bosqich bartaraf qilish imkonini beradi.
Davlat dasturida yana bir muhim masalaga e’tibor qaratilgan. Xususan, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqish belgilangan. Ushbu strategiyani ishlab chiqishda real vaziyatni to‘liq qamrab olgan yaxlit va bir butun reja bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Besh yilga mo‘ljallangan kompleks dasturiy hujjatni ishlab chiqish va uni amalga oshirish jarayonida muvaffaqiyatli natijaga erishgan davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda. E’tiborli jihati, ko‘pgina davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda shu kabi strategik kompleks hujjatlarni qabul qilish va undagi vazifalarni tizimli tatbiq etish orqali sezilarli ijobiy natijaga erishmoqda.
Gruziya, Estoniya, Gretsiya kabi davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, uzoq muddatga mo‘ljallangan kompleks dastur korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirishga hamda xalqaro reytinglardagi o‘rni yuksalishiga olib kelgan. Yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashishda aynan uzoq muddatni ko‘zlagan holda tizimli, kompleks dastur ishlab chiqilishi va tatbiq etilishi kelgusida bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda agentlik tomonidan Milliy strategiya loyihasi ustida jadal ish olib borilmoqda. Loyihadan joriy holat tahlili, ijobiy tendensiyalar, muammolar, korrupsiyani keltirib chiqarayotgan asosiy omillar, maqsad va uning indikatorlari o‘rin olgan. Unda barcha masalalar qamrab olinishi hamda davlat va jamiyat vakillarining fikr-mulohazalarini e’tiborga olish maqsadida davlat organlari, mutasaddi tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy doira vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirokida milliy hamda xalqaro maslahatlashuv yig‘ilishlarida keng muhokamadan o‘tkazib borilmoqda. Takomillashtirilgan strategiya loyihasi xalqimiz fikrini olish uchun jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, agentlik tomonidan joriy yilda Andijon, Xorazm, Jizzax va Navoiy viloyatlarida davlat xaridlarida korrupsion xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlari mavjudligi o‘rganildi. O‘rganishlar yakuni bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bilan bir qatorda davlat xaridlari va investitsiya loyihalarini hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo‘yicha tashkil etiladigan tender va tanlov komissiyalari tarkibi, davlat aktivlari oldi-sotdisi va davlat-xususiy sheriklik loyihalari jarayonlari ishtirokchilari, soliq va boshqa imtiyozlar oluvchilar kabi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlandi va hozir ularni yanada takomillashtirish ustida ishlanmoqda.
Aytish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish bir tashkilot doirasida yechim topadigan vazifa emas. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi ayni muddaodir. Shundagina bu muammoning ildiziga bolta urishga erishamiz.
Albatta, so‘nggi 3-4 yilda amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy natijalari ko‘zga tashlanayotgani kishini quvontiradi. Ya’ni bugun xalqimizning fikri, mulohazalaridan ayon bo‘lmoqdaki, korrupsiya ijtimoiy tarmoqlar, kundalik hayotimizda ishlatilayotgan eng ko‘p so‘zlardan biriga aylanib ulgurdi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim bo‘g‘ini hisoblangan aholida ushbu illatga nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllanayotganidan darak beradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganidan buyon ko‘pgina vazirlik va davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolar o‘zlarining beminnat ko‘maklarini berishga doimo tayyor ekanini ma’lum qilib, hamkorlikda ishlar boshlab yuborilgan.
Asosiysi, bugun jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan uyg‘onayotgan murosasizlik kayfiyatini, jurnalist va blogerlardagi korrupsiyaga qarshi jangovar ruhni, davlat idoralari va mansabdor shaxslaridagi korrupsiya mamlakat kelajagiga g‘ov sifatida qarashni yanada kuchaytirish lozim. Bugun korrupsiyaga hamma qarshi, uni yo‘qotish kerakligini, u bilan mamlakat rivojlana olmasligini eng yuqori lavozimdagilardan tortib aholimizning katta qismi, ziyoli qatlam, ommaviy axborot vositalari vakillari tushunib yetdi. Endi yagona vazifa barcha harakatlarni birlashtirish va illatga qarshi birgalikda kurashish lozim.
Bu esa, shubhasiz, mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan rivojlanish strategiyalarini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.
Akmal BURXONOV,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori