Joriy yilning 13-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining Ukraina korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (UKQKMB) va Ukraina Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi (UKOMA) rahbarlari bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Ma’lumot uchun: UKQKMB – huquqni muhofaza qiluvchi organ hisoblanib, keng huquq va vakolatlarga ega. Unga korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, aniqlash, fosh etish majburiyatlari yuklatilgan. Byuro Ukraina Prezidenti tomonidan 2015-yil 16-aprelda tashkil etilgan.
Milliy byuroning vazifasi hukumat yoki mahalliy darajadagi mansabdor shaxslar tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid qiluvchi korrupsion huquqbuzarliklarga qarshi kurashishdir.
UKOMA – bu maxsus maqomga ega bo‘lgan, korrupsiyaga qarshi davlat siyosatni ishlab chiqish va korrupsiyaning oldini olish uchun mas’ul bo‘lgan markaziy organ.
Agentlikning asosiy faoliyati mamlakatdagi korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilish, Korrupsiyaga qarshi strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish, shuningdek ushbu hujjatlar ijrosini muvofiqlashtirish, qonun hujjatlarida va me’yoriy hujjatlar loyihalarida korrupsiogen normalarni aniqlash, davlat xizmatchilari deklaratsiyasini nazorat qilish va tekshirish, ularning turmush tarzini kuzatish kabi masalalar kiradi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Akmal Burxanov, UKQKMB direktori Artyom Sitnik, UKOMA rahbari Aleksandr Novikov va tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama etildi.
Dastlab Agentlik direktori tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan islohotlar, Agentlik vazifalari, amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida Ukraina tomoni ham UKQKMB hamda UKOMAlarning asosiy vazifa va funksiyalari hamda joriy amaliyotiga to‘xtalib o‘tishdi.
Shuningdek, uchrashuvda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar, korrupsiyaga oid holatlar bo‘yicha xabar beruvchilarni himoya qilish amaliyoti, fuqarolar arizalarini ko‘rib chiqish tartibi kabi masalalarda O‘zbekiston va Ukraina tomonining amaliyotlari bo‘yicha fikr almashinildi.
Bundan tashqari Ukrainaning korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarning yagona davlat reestri yuritish tartibi, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimining faoliyati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va davlat organlari faoliyatini reyting baholash tizimlarining yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlardagi tajribasi haqida ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va doimiy muloqotni o‘rnatish, har ikki mamlakatlarda o‘zaro korrupsiyaga qarshi kurashish modellarini o‘rganish imkoniyatlari muhokama etildi.
Natijada uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolash, tajriba almashish maqsadida xizmat safarlari tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga oid elektron dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va yuritishda Ukraina tajribasini o'rganish masalalari bo’yicha kelishuvga erishildi.