Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Toshkent shahridan fuqaro J.R. joriy yilning 9-mart kuni murojaat yo‘llagan. Murojaatda fuqaroning Yunusobod tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (IIO FMB) xodimlari faoliyatidan noroziligi bayon qilingan.
Xususan, turmush o‘rtog‘i A.R.ning voyaga yetmagan farzandiga nisbatan qilgan ruhiy va ma’naviy xatti-harakatlari yuzasidan, Yunusobod tuman IIO FMBga murojaat qilgan. Holat bo‘yicha tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, natijasiga ko‘ra jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli, joriy yilning 3 mart kuni JPKning 83-moddasi, 2-bandiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganligi ma’lum qilingan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaatda ko‘rsatilgan vajlar va hujjatlarni o‘rganib chiqib, qonuniy baho berish bo‘yicha so‘rov yuborildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, qaror asossiz qabul qilinganligi sababli, 2021-yil 24-martda Yunusobod tuman IIO FMBning tegishli qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun tuman IIO FMB Tergov boshqarmasiga yuborilishi ta’minlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Samarqand viloyatidan fuqaro V.U. joriy yilning 18-mart kuni murojaat yo‘llagan. Murojaatda V.U. Pastdarg‘om tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan jinoyat ishining dastlabki tergov natijasidan noroziligi to‘g‘risida bayon qilingan.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan da’vogar V.U.ning arizasiga asosan, 2016-yil 19-aprelda tuman hokimining 2014-yil 20-oktabrdagi qarori chiqarilishiga asos qilib olingan hujjatlarning haqiqiyligi bo‘yicha kadastr xizmati va davlat arxivi mansabdor shaxslari harakatlari yuzasidan xususiy ajrim chiqarilgan.
Xususiy ajrim bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshirish yakuni bo‘yicha 2016-yil 11-iyunda Pastdarg‘om tuman prokuraturasi tomonidan K.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b”-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyat ishi ohirgi marotaba 2017-yil 7-dekabrda Pastdarg‘om tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaatda ko‘rsatilgan vajlar va hujjatlarni o‘rganib chiqib, qonuniy baho berish bo‘yicha so‘rov yuborildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qaror va to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, 2021-yil 7-apreldagi qaror bekor qilingan hamda qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Samarqand viloyat prokuraturasiga yuborilishi ta’minlangan.