O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yilning 17-mart kuni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining mansabdor shaxslari tomonidan korxonaga xodimlarni ishga qabul qilish va boshqa lavozimga o‘tkazish qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik asosida amalga oshirilayotgani bayon etilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Agentlik tomonidan o‘rganish o‘tkazilganda, haqiqatdan ham “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasida belgilangan “davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerakligi” haqidagi norma buzilgan holda manfaatlar to‘qnashuvi holatini yuzaga keltirib, bir necha yildan buyon yaqin qarindoshlar bir korxonada faoliyat olib borayotganligi aniqlandi.
O‘rganish jarayonida tashkilot mas’ul xodimining uch nafar ukasi va to‘rt nafar jiyanini ishga qabul qilinib Mehnat kodeksining 79-moddasida belgilangan “o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanishi” haqidagi norma ham buzilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish natijasida aniqlangan holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida vujudga kelgan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish haqida ogohlantirish berildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha korxona va tashkilotlarda xodimlarni ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash hamda boshqa lavozimga o‘tkazishda, mas’ul xodimlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etgan holda korrupsion omillarni yuzaga kelishini oldini olish, xodimlarni ishga qabul qilishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari belgilandi.