Kuni kecha Agentlik mas’ul xodimlarining xalqaro ekspert, Rossiya iqtisodiyot oliy maktabining Aksilkorrupsiya markazi direktori A.Konov bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’ulmot uchun: Xalqaro ekspert 2021-yilda Agentlik hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT GJB) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorlikda amalga oshiradigan tadbirlar rejasiga asosan jalb etildi.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6098-son Farmoni bilan tasdiqlangan Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ijrosini ta’minlash masalasida tashkil etildi.
Uchrashuvda yo‘l xaritasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga belgilangan moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy qilish vazifasini amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida fikr almashildi.
Muloqot davomida Agentlik va vazirlik mas’ul xodimlaridan iborat guruh xalqaro ekspert bilan hamkorlikda yuqorida qayd etilgan tartib loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashishdi. Har bir tomon uchun ushbu tartibni ishlab chiqish yuzasidan vazifalar belgilandi. Jumladan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, O‘zbekiston sharoitida ushbu tajribani qo‘llash va tatbik etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.