Joriy yilning 27-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro davlat tibbiyot institutining mansabdor shaxslari tomonidan budjet mablag‘larining ehtimoliy talon-taroj qilinishi holati yuzasidan video lavha e’lon qilindi.
Video lavhada Buxoro davlat tibbiyot instituti va “Bitubi Grupp” MCHJ o‘rtasida imzolangan shartnomalarning noqonuniyligi, xodimlarga oylik maoshlarni belgilashda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani hamda institut ramzi tushirilgan ko‘krak nishonlari talabalarga majburan sotilgani kabi bir qator vajlar keltirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Buxoro viloyati prokuraturasi bilan birgalikda Buxoro shahrida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, haqiqatdan ham Buxoro davlat tibbiyot institutining kutubxona fondini boyitish maqsadida “Bitubi Grupp” MCHJ korxonasidan 721,2 mln. so‘mlik jami 1725 dona (1-tom 1500 dona, 2-tom 225 dona) “Odam anatomiyasi. Atlas” kitobi xarid qilingan.
Shundan 602,2 mln. so‘m talabalarning to‘lov-kotraktidan tushgan mablag‘lar hisobiga, 119 mln. so‘m budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan. Kitoblar hisobxona balansiga to‘liq kirim qilingan va sanoqdan o‘tkazilganida kamomad aniqlanmagan.
Ushbu xaridlarni amalga oshirish uchun Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda “Bitubi Grupp” MCHJ korxonasi o‘rtasida bir nechta shartnomalar tuzilgan. Xususan, 2019-yil 13-avgustda tuzilgan 1-son shartnomaga asosan 15 foizlik oldindan to‘lov (17,8 mln. so‘m) “Bitubi Grupp” MCHJ korxonasiga o‘tkazib berilgan.
Video lavhada keltirib o‘tilgan, ya’ni shartnoma imzolanish jarayonida “Bitubi Grupp” MCHJ korxonasi noshirlik faoliyatini amalga oshiruvchi tegishli litsenziyaga hamda ushbu kitobni nashr etish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagani to‘g‘risidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topdi. (Litsenziya berilgan sana: 2019-yil 16-sentabr).
Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda “Bitubi Grupp” MCHJ korxonasi o‘rtasida “Odam anatomiyasi. Atlas” kitobini xarid qilish maqsadida tuzilgan 299,7 mln. so‘mlik 1-sonli hamda 419,8 so‘mlik 2-sonli to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar davlat xaridlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar sababli bekor qilingan.
Video lavhada keltirilgan Buxoro davlat tibbiyot instituti xodimi Ye.Xaribova masalasi o‘rganilganda, u bilan 2020-yil 1-iyul kuni mehnat shartnomasi imzolangani hamda 2021-yil 1-aprelga qadar onlayn va oflayn tarzda faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.
Institut balansidagi “Lasetti” rusumli avtomashinaga 2019-2020-yillar uchun belgilangan limitga nisbatan 1144 m3 ortiqcha sarflangan siqilgan gaz yoqilg‘isi uchun 8,4 mln. so‘m institutning sobiq rahbaridan undirilgan.
Shuningdek, 2021-yilning 2 oyi davomida 381 ming so‘mlik 158 m3 siqilgan gaz yoqilg‘isi belgilangan limitdan ortiqcha sarflangani aniqlanib, yetkazilgan zarar institut rektori tomonidan to‘liq qoplangan.
Bundan tashqari, institut haydovchisi B.D.ning mehnat shartnomasi noqonuniy ravishda tugatilgani holati viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, haydovchi qayta ishga tiklangan.
O‘rganish davomida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori talablariga rioya etilmasdan to‘lov-kontrakt tushumlaridan tushadigan ajratmalardan Sog‘liqni saqlash vazirligining rivojlantirish jamg‘armasiga 7,8 mlrd. so‘mlik o‘tkazmalar o‘z vaqtida o‘tkazib berilmaganligi aniqlandi va ushbu summa jamg‘armaga to‘liq o‘tkazib berilishi ta’minlandi.