Joriy yilning 27-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi II bobi (Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha choralar) normalarini O‘zbekiston tomonidan bajarilishini o‘rganishga bag‘ishlangan trening tashkillashtirildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi a’zo hisoblangan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr)ning 63-moddasiga asosan, konvensiya talablarining amalga oshirilishi bo‘yicha obzori tegishli davriylikka asosan, Konvensiyaga a’zo davlatlar konferensiyasi tomonidan o‘tkazib borilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi 2012-2015-yillarda birinchi monitoringdan o‘tkazilgan. O‘zbekistonni ikkinchi bosqich monitoringdan o‘tkazish 2020-2021-yillarga belgilanib, Maldiv Respublikasi va Nigeriya Federativ Respublikasi obzorni o‘tkazuvchi davlatlar sifatida tanlab olingan. Obzor doirasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining II va V boblari (Aktivlarni qaytarish bo‘yicha choralar) qoidalarining amalga oshirilishi o‘rganiladi.
Mazkur tadbirni tashkillashtirishdan asosiy maqsad BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi normalari O‘zbekiston tomonidan bajarilishi bo‘yicha obzorning 2-bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishdan iboratdir.
Uchrashuvda yigirmadan ortiq vazirlik va idoralardan, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Adliya vazirligi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy bank va boshqa idoralardan mas’ul xodimlar qatnashishdi.
Uchrashuv davomida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari tomonidan seminar ishtirokchilariga Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi normalarini O‘zbekiston tomonidan bajarilishi bo‘yicha obzorini tashkil etish bo‘yicha tuzilgan savolnomani to‘ldirish yuzasidan kerakli ma’lumotlar taqdim etildi.