Joriy yilning 30-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi, Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, budjet daromadlarini oshirish va energiya resurslaridan qonuniy foydalanish borasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari, bu borada mas’ullar hisoboti eshitildi.
Tadbirda Agentlik direktori o‘rinbosari Tal’atjon Haydarov, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari, mahalliy kengash deputatlari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 22-aprel kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan hududiy tashkilotlar rahbarlari orasida korrupsiya jinoyatlari tez-tez uchrayotganligi keskin tanqid qilindi. Bu borada qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligi prinsiplari so‘zsiz ta’minlanishi ham alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan 2020-yil 30-noyabrda viloyatda korrupsiyaviy holatlarni oldini olish, uni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bandlari ijrosi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Davlat rahbari, Oliy Majlis va Hukumat tomonidan korrupsiya illatini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotganiga qaramay, Qashqadaryo viloyatida bu boradagi yondashuv talab darajasida emas. Jumladan, hozirgi kunda “yo‘l xaritasi”ga kiritilgan viloyat darajasida ijrosi ta’minlanishi lozim bo‘lgan 13 ta chora-tadbirdan 1 tasi bajarilgan, 8 tasi o‘z muddatlarida bajarilyotgan bo‘lsa, 4 tasi bo‘yicha ijro muddatlari buzilgan.
Qashqadaryo viloyatida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, obodonlashtirish hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohalarida ham pul mablag‘lari va moddiy boyliklar kamomadi, mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari ko‘plab aniqlangan.
Shuningdek, noqonuniy harajatlar va ortiqcha to‘lovlarning asosiy qismi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, xalq ta’limi, obodonlashtirish sohalari hamda Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu muammoli masalalarni atroflicha muhokama qilish, soha rahbarlari ma’suliyatini ko‘rib chiqish, kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq choralar belgilab olish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari muhokamasiga birorta masala taqdim etilmagan. O‘z navbatida deputatlar tomonidan ham ushbu topshiriq ijrosi bo‘yicha biron tashabbus ko‘rsatilmagan.
Bundan tashqari “yo‘l xaritasi” bilan korxona va tashkilotlarda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilinishi holatini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida har oyda muhokama qilib borish tizimini joriy qilish belgilangan.
“Yo‘l xaritasi” tasdiqlanganidan 4 oy o‘tganiga qaramay, bu boradagi muammolar ham xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida muhokama qilinmagan.
Yig‘ilish davomida shu kabi masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi hamda Qashqadaryo viloyatida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.