Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat tashkiloti va mahalliy hokimiyat vakillari uchun davlat xizmatida halollikni ta’minlashga oid xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha turkum seminarlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan 2020 yilning dekabr oyida “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida “Halollik vaksinasi” ni joriy etish masalalari” mavzusida xalqaro seminarning dastlabkisi tashkil etilgan bo‘lsa, 2021 yil mart oyida “Davlat xizmatida halollikni ta’minlash: Buyuk Britaniya tajribasi” mavzusida 2-seminar tashkil etilgan edi.
Joriy yilning 6 may kuni ushbu yo‘nalishdagi navbatdagi seminar Qozog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashi agentligi bilan hamkorlikda “Davlat xizmati va korporativ sektorda halollik: Qozog‘iston tajribasi” mavzusida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Ushbu seminarlar PF-6013-son Prezident Farmoni belgilangan davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Unda 50 dan ortiq davlat tashkiloti va mahalliy hokimliklar tuzilmasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga mas’ul bo‘lgan xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari Nursultan Bekinov, Meruyert Karbozova hamda ekspert Orinbek Bisembayev ishtirok etdi.
Ma’ruzachilar tomonidan halollikni ta’minlashga xizmat qiluvchi tashkiliy masalalar hamda qonunchilik asoslarini yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, Qozog‘istonda korrupsiyaning oldini olishda aksilkorrupsiyaviy ekspertiza ham o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga xususiy sektorda halollik standartlarini joriy etishga ham alohida urg‘u berilishi lozimligi qayd etildi.
Savol-javoblarga boy o‘tgan seminarda ushbu yo‘nalishni takomillashtirishda hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, bu sohadagi huquqiy asoslarni rivojlantirishga kelishib olindi.