2017-2020 yillarda mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 3 trln 53 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 2 trln 750 mlrd so‘mi yoki 90 foizi undirilgan.
Bu kabi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oqibatlari va unga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan seminarda aytildi.
Unda hokimliklar, davlat tashkilotlari, boshqarma va idoralar mas’ullari, ta’lim, kommunal va boshqa sohalar mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminarda respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi amaliyotlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, “komplayens-nazorat” tizimi yo‘lga qo‘yilayotgani va bu korrupsion xavf-xatarlarni baholash, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi tizimli o‘qitishga qaratilgani ta’kidlandi. Hozirda 26 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organida “komplayens-nazorat” tizimidan foydalanilmoqda. Boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarida ham mazkur amaliyot bosqichma-bosqich joriy etiladi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi, - deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Akmal Yunusov. – Afsuski, birgina 2020 yilning o‘zida respublika bo‘yicha 1720 nafar mansabdor shaxs qonunni chetlab o‘tib, korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortildi. Korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan xalq ta’limi, oliy ta’lim, kadastr, sog‘liqni saqlash, qurilish, bank va moliya sohasida bu kabi holatlar ko‘p uchramoqda. Shu yil boshidan bugungi kungacha agentligimizga jismoniy va yuridik shaxslardan 209 ta murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarda asosan, yer ajratishdagi qonunga zid holatlar, viloyat, shahar va tuman hokimliklari mansabdor shaxslarining, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlarining xatti-harakatidan, sud organlarining qaroridan norozilik, budjet mablag‘larining talon-toroj qilinayotgani qayd etilgan.
Tadbirda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qilish rejalashtirilgani, aholiga korrupsiya holatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri axborot berish imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.