Joriy yilning 30-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Moldova Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi rahbarlari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Milliy korrupsiyaga qarshi kurash markazi korrupsiyaning oldini olish hamda mamlakatdagi korrupsiyaviy holatni nazorat qilib boruvchi organ hisoblanadi. Tashkilot 2012-yilda tashkil etilgan. Markaz korrupsiyaga qarshi kurashishda preventiv choralarni qo‘llash uchun mas’uldir.
Tadbirda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or amaliyotlarni qo‘llash masalalari muhokama etildi.
Tadbir avvalida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, agentlik vazifa va funksiyalari, ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, jamoatchilik faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Moldova Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi direktori Ruslan Flocha uchrashuvda Markazning axborot tahliliy faoliyati, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi o‘qitish tizimi kabi masalalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga ma’ruzada normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Moldova tajribasi, ushbu jarayonning tashkil etilishi, qonunchilik asoslari, ekspertiza su’ektlarining vazifa va funksiyalariga to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari aholini, xususan yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga jalb etish bo‘yicha bir nechta interaktiv usullar orqali hamda markaz huzurida volontyorlik guruhlari shakllantirilgan bo‘lib aholi orasida targ‘ibot-tashviqot faoliyatini olib borishda faollik ko‘rsatishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tajriba almashish maqsadida tizimli qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirish, hamda o‘zaro tashriflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.