O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmonining ijrosini tashkil etish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi ishchi guruhining navbatdagi manzili Buxoro viloyati bo‘ldi.
Tadbirlar Agentlik direktori Akmal Burxanov ishtirokida senatorlar, viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashlari deputatlari, barcha darajadagi mahalliy hokimiyat idoralari va tashkiltlari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni mazmun-mohiyatini yetkazish va uning Buxoro viloyatidagi ijrosini muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar bilan boshlandi.
Shundan so‘ng ishchi guruh sog‘liqni saqlash sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining amalga oshirilishini o‘rganish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filiali hamda Buxoro shahridagi 4-son oilaviy poliklinikasiga tashrif buyurdi.
Tadbirlar davomida Agentlik direktori IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining Buxoro viloyat boshqarmasiga tashrif buyurib, u yerda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida Buxoro viloyati, Vobkent tuman Davlat xizmatlari markaziga ham tashrif buyurilib, u yerda fuqarolarga davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi sifati, fuqarolar tomonidan to‘lanayotgan pul mablag‘larining kirim qilinishi va boshqa masalalar o‘rganildi.