Ma’lumki, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmoni qabul qilingan edi.
Joriy yilning 9 iyul kuni Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining birinchi majlisida aynan mazkur farmon ijrosi muhokama qilindi.

Tadbirda Agentlik direktori, Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi eksperti A.Burxanov ma’ruza bilan ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini berib o‘tdi.
Xususan,
- ochiqlik indeksini hisoblashga qaratilgan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikani ishlab chiqish bo‘yicha ekspertlarni jalb qilish;
- AOKA bilan birgalikda yil yakunlari bo‘yicha vazirlik va idoralarning ochiqlik bo‘yicha amalga oshirgan faoliyatlari sarhisobiga bag‘ishlangan forum o‘tkazish. Uning doirasida eng faollarni aniqlash va reytinglarni e’lon qilish;
- Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi tadbirlarini o‘tkazish;
- Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda mahalliy kengash deputatlari imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan mexanizm ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
