So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘ona hamda “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 10 pog‘onaga ko‘tarildi.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash maqsadida xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlashning yangicha mexanizmlari joriy etilmoqda hamda ularni ishlab chiqish metodologiyalari o‘rganilmoqda.
Joriy yilning 13-iyul kuni Agentlik direktori Akmal Burxanov hamda nufuzli xalqaro reytinglardan biri hisoblangan “Meros” jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksi vakillari Terri Miller va Entoni Kim o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro “Meros” jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” inedksi o‘zining 27 yillik tajribaga ega ekanligi va xalqaro hamjamiyatda aniq, ob’ektiv va puxta o‘ylangan tahlillarga asoslanishi bilan nufuzli hisoblanadi.
Uchrashuv davomida Agentlik direktori Akmal Burxanov indeksning baholash manbalaridan biri hisoblangan sud-huquq tizimi va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida yurtimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, “Meros” jamg‘armasining xalqaro savdo va iqtisodiyot markazi direktori Terri Miller O‘zbekistondagi ushbu islohotlarni yuqori baholashini ta’kidlab, indeks metodologiyasini o‘rganish yuzasidan kelgusida hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.