O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini tashkil etish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida joriy yilning 15 iyul kuni Andijon viloyatida Agentlik direktori A. Burxanov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunov, viloyat hokimining o‘rinbosarlari hamda mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Agentlik mas’ul xodimi tomonidan yig‘ilganlarga yangi farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarga kiritilishi kutilayotgan yangi talablar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Jumladan, farmon talabiga muvofiq, joriy yilning 1 dekabridan boshlab, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari sessiyalari telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, tadbirda ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar haqida tushuntirish berildi.
Tadbir davomida farmon talabidan kelib chiqib, viloyatda mavjud kamchiliklarga to‘xtalib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.