Joriy yilning 23-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda AQSH Davlat etika boshqarmasi mas’ullari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: AQSH Davlat etika boshqarmasi Hukumatning mustaqil tuzilmasi bo‘lib, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilish, davlat xizmatchilari uchun odob-axloq standartlarini joriy etish va o‘qitishni tashkil qilish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Tadbir O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Dastlab, Agentlik vakillari tomonidan mamlakatimizda korrrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar hamda bu boradagi qonunchilik asoslari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
O‘z navbatida AQSH Davlat etika boshqarmasi vakillari ushbu yo‘nalishlarda AQSH tajribasi, boshqarmaning faoliyat yo‘nalishlari, davlat xizmatchilarini o‘qitish masalalari, tegishli tartiblarga rioya qilinmagan hollarda qo‘llaniladigan choralar to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida ushbu sohalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha ekspertlarni jalb qilish, o‘zaro tajriba almashish kabi masalalarda ikki tomonlama hamkorlik qilishga kelishib olindi.