Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatidagi budjet muassasalarida budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganildi.
O‘tkazilgan o‘rganish davomida hududdagi budjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etildi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mansabdor shaxslari markazda ishlovchi 54 nafar ishchi-xodimlarga umumiy 175 mln. so‘mlik tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyingi taʼtil, kasallik varaqasi va mehnat taʼtili hamda ustama pullarini asossiz hisoblash orqali davlat byudjetining juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Shu kabi holatlarni Samarqand shahar 3-son tug‘ruq majmuasi tomonidan xodimlarga ish haqi sifatida 50 mln. so‘m va Narpay tuman obodonlashtirish boshqarmasida jami 29 mln. so‘m byudjet mablag‘lari qonun talablariga rioya qilinmagan holda tasarruf etilganida ham ko‘rish mumkin.
Viloyat prokuratura idoralari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi byudjet muassasalarida jami 563 mln. so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-taroj qilinganligi aniqlandi.
Hozirda viloyatdagi boshqa muassasalarda aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.