Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Unda kengash a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirok etdi. Majlisda o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta muhim hujjati – farmon va qarori, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi.
Majlisda vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining ijro intizomi bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini oshirish, Milliy kengash majlisi bayonnomasida belgilangan vazifalarni to‘liq ado etishlari yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash, bandlik, transport sohalari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tizimida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar va ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi.
Shu bilan birga, majlisda 2017-2020 yillarda Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarida budjet mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanganini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 2021 yilning I yarim yilligida maktabgacha ta’lim tizimining qurilish sohasida 89 ta holatda moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. 2019-2020 yillar va 2021 yilning I yarmida 50 ta MTTda amalga oshirilgan kapital ta’mirlash ishlarida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Oliy ta’lim tizimida o‘tkazilgan o‘rganishda 2 ta oliygohda buxgalteriya xizmati xodimlari tomonidan mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilganligi aniqlangan.
Majlisda moliyaviy intizomni kuchaytirish va budjet daromadlarini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Aniqlangan korrupsiya holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar ko‘rish yuzasidan xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, transport, energetika vazirlari, shuningdek Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimlarining axborotlari eshitildi.
Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi to‘g‘risidagi nizom hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar to‘g‘risida namunaviy nizomlar, Milliy kengashning 2021 yilning ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.