Korrupsiyaga qarshi kurashishda ilmiy yondashuvga asoslangan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonlarda korrupsiya holatini va darajasini o‘rganish, unga baho berish va ustuvor vazifalarni aniqlashda ijtimoiy tadqiqotlar va so‘rovnomalar o‘tkazish muhim vosita hisoblanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son Farmoniga asosan Agentlikka korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish yuklatilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 10-11 va 17-18 sentabr kunlari Agentlik tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida “Nomutaxassislar uchun korrupsiya sohasida sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish” mavzusida trening o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Mazkur trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy idorasi hamkorligida 2021 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasiga asosan tashkil etildi.
Tadbirga “Tahlil” markazi rahbari Yakov Asminkin ekspert sifatida jalb etildi hamda unda Agentlik, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va “Ijtimoiy fikr” markazi vakillari ishtirok etdi.
O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilarga ekspert tomonidan amaliy vazifalar berilib, aniq misollarda interaktiv usulda tushunchalar berib o‘tildi.
Treningda miqdor va sifat ko‘rsatkichlariga asoslangan tadqiqotlar tashkil etish, ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazishda to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn formatlarning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek so‘rovnoma natijalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratildi.