Joriy yilning 16-sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Latviya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Latviya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli davlat organi bo‘lib, 2003-yildan faoliyat yuritib keladi. Byuroga korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga oid jinoyat ishlarini tergov qilish va korrupsiyaga qarshi o‘qitish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.
Uchrashuvda ikki idora o’rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama etildi.
Dastlab Agentlik direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan islohotlar, Agentlik vazifalari, amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida Latviya tomoni Byuroga yuklatilgan vazifalar, korrupsiyaga qarshi kurashishda Byuroning boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqalari va “Transparency International” kabi xalqaro reytinglarda mamlakatning oʻrinini yaxshilash, GRECO (Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi) tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻnalishidagi faoliyat toʻgʻrisida to‘xtalib o‘tdi.
Latviya tomoni bilan o’zaro qiziqish uyg’otgan yo’nalishlar yuzasidan, jumladan, davlat xizmatchilarining daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish, nodavlat tashkilotlar faoliyatini qo’llab-quvvatlash, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha o’qitishlarni tashkil etish kabi sohalarda Latviya Respublikasining qonun hujjatlarini O’zbekistonlik hamkasblarga taqdim etilishi hamda Latviyaning vakolati organlari ekspertlari ishtirokida uchrashuvlarni tashkil etilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Konstruktiv muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuv yakunida ikki idora o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va doimiy muloqotni o‘rnatish, o’zaro anglashuv memorandumini imzolash, tajriba almashish maqsadida xizmat safarlari tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.