Joriy yilning 27 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligida Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Xamrayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilish avvalida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ular ijrosida hududiy kengashlarning o‘rni to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng kengash a’zoligiga kirgan har bir a’zo tanishtirildi hamda ular oldida turgan dolzarb vazifalar belgilandi.
Jumladan,
- Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
- Milliy kengashga qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi Toshkent shahridagi mahalliy davlat organlari rahbarlarining hisobotlari va ma’ruzalarini eshitish;
- Toshkent shahrida yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlarining o‘tilishini tashkil etish, mavzuga oid turkum seminarlar tashkil etish;
- Toshkent shahrida oliy ta’lim, qurilish, sog‘liqni saqlash, davlat xaridlari yo‘nalishlarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish va sohalar qamrovini kengaytirish.
Yig‘ilish yakunida shu va boshqa belgilangan vazifalarning ijrosini samarali ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni amalga oshirishga kelishib olindi.