Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning Namangan viloyatida amalga oshirilishi yuzasidan monitoring va nazoratni olib borish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash, viloyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashi tashkil etildi.
Ta’sis yig‘ilishi joriy yilning 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi a’zolari, deputatlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillariga Hududiy kengash a’zolari tarkibi tanishtirildi.
Tadbirda ishtirok etgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati tomonidan Namangan viloyatidagi korrupsiyaviy holatlar hamda ularni barataraf etishda Hududiy kengashning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, korrupsiya illati respublika miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlarga soya solayotgani va xalqning davlat idoralariga nisbatan ishonchiga putur yetkazayotgani, tashkil etilayotgan hududiy Kengash oldida esa bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami keng ekanligi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan strategiya va davlat dasturlari ijrosini o‘rganish, joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish va uni amalga oshirish kabilar hududiy Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ekanligi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari ham so‘zga chiqib, belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi.