Agentlik delegatsiyasi a’zolari Sloveniya parlamentiga (Milliy majlis) tashrif buyurib, yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, Agentlik direktori Akmal Burxanov va Parlamentning Adliya qo‘mitasi raisi Blaj Pavlin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Adliya qo‘mitasi raisi tomonidan sud-huquq sohasini rivojlantirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ta’minlanishi yuzasidan mas’ul organlarning hisobotlarini doimiy eshitish amaliyoti, shu jumladan, Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yillik Milliy ma’ruza taqdim etilishi tajribasi yo‘lga qo‘yilgani kabi qator masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov parlament vakillariga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyati, so‘nggi yillarda davlat va jamiyat qurilishi tizimida mazkur institutlarning rolini yanada oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Agentlik direktori Parlamentning ikki palatasida sud - huquq masalalari, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan yangi qo‘mitalarning tashkil etilgani va ularning faoliyati bilan tanishtirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Sloveniya parlamentlari o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilikni takomillashtirish, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini tatbiq etish maqsadida tajriba almashish, ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib olindi.