O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi Sloveniya Respublikasiga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yetakchi ekspertlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ishchi guruhi rahbari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ekspert, Sloveniya korrupsiyaning oldini olish komissiyasi sobiq rahbari, Sloveniya tergov qo‘mitasi sobiq rahbari Drago Kos bilan uchrashuvda korrupsiyaga samarali qarshi kurashish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Drago Kos O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida ta’kidlab, Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ekspert tomonidan hozirda YEXHT bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan nashr tayyorlanayotgani va unda O‘zbekistondagi islohotlarga bag‘ishlangan ma’lumotlar ham joy olgani bildirib o‘tildi.
Yevropa tinchlik va taraqqiyot markazi rahbari, Sloveniya milliy kengashi (parlamenti) sobiq spikeri Yanez Podobnik bilan uchrashuvda esa korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda ekspertlar ko‘magini tashkil etish, ushbu sohada faoliyat yuritadigan mahalliy va xalqaro jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy jamoat tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi. Bunda ayniqsa, Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari, dasturlar loyihalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar fikrlarini olishda ko‘mak berilishi alohida qayd etildi.
Sloveniya yuristlar uyushmasi rahbari Yanez Starman bilan uchrashuvda ham Agentlik tomonidan tayyorlanayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari va boshqa qonunosti hujjatlari loyihalarini takomillashtirishda ekspertlik ko‘magini taqdim etish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar tashkil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llashni birgalikda o‘rganish, tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik masalalari belgilab olindi.