Jahon banki vitse-prezidenti Anna Byerdening 2021-yil 14-19-may kunlari tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga binoan Agentlikka Jahon banki hamkorligida Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional salohiyatini kuchaytirish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash va xorijiy tomon bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 21-oktabr kuni Agentlik va Jahon banki vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Jahon banki 1944-yilda tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Vashington (AQSH) da joylashgan mazkur tashkilotning dunyo bo‘ylab 120 dan ortiq idoralari mavjud. Bank tizimida 10 mingdan ortiq kishi ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jahon bankiga 1992-yil sentabr oyida qo‘shilgan bo‘lib, Toshkent shahrida vakolatxonasiga ega.
Tadbirda Agentlik tomonidan Jamoatchilik bilan aloqalar, murojaatlar bilan ishlash va xalqaro hamkorlik boshqarmasi vakillari, Jahon banki tomonidan esa bankning moliyaviy menejment bo‘yicha katta mutaxassislari Andrey Busuyok va Elbek Yusupovlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida, Agentlik tomonidan hamkorlikni amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi, jumladan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirishda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va ekspertlik yordami ko‘rsatish, Agentlik xodimlari salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan seminar-trening, stajirovka va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuv yakunida ikki taraf vakillari tomonidan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan kelishib olindi.