Joriy yilning 11 noyabr kuni Agentlik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMT TD) vakillari hamda BMT TDning aksilkorrupsiya yo‘nalishidagi eksperti Xachik Xarutyunyan bilan uchrashuv tashkil etildi.
Dastlab, Agentlik direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva O‘zbekistonga tashrif buyurgan ekspertga yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining shakllanishi, bunda Agentlikning o‘rni va vazifasi, sohaga oid olib borilayotgan islohotlar, izchil o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida Agentlik tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida mamlakatning imijini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish singari masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda, 2021 yildan boshlab O‘zbekiston hududida «Korrupsiyasiz hudud» loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur masalada BMT TD eksperti bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Muloqot yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va aloqalarni yanada mustahkamlash, qolaversa, tadbir davomida ilgari surilgan taklif va masalalarni ishchi tartibda ko‘rib chiqishda muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldilar.