Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farg‘ona vodiysida yosh davlat xizmatchilari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzusida turkum treninglar boshlandi.
Mazkur tadbirlar BMTning “Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” qo‘shma dasturi doirasida tashkil etilmoqda. Asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashishda yoshlarni ijtimoiy safarbar qilish, ularning ayni yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, kelgusidagi ish faoliyatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.
Treninglarda 26 ta davlat organidan 300 nafar xodim jalb etilgan bo‘lib, dastlabki seminar Andijon viloyatida bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish madaniyatini rivojlantirish, ularning jamiyat hayotiga dahldorligini yanada oshirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilarga davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish etikasi xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Bu kabi turkum treninglar Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muloqotlarda “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” hamda korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga oid interfaol ma’ruzalar o‘qib eshittiriladi.
Bundan tashqari, tushuntirishlar davomida davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati samaradorligini ta’minlash, mansabdor shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarini aniqlash, bunday qonunbuzarliklar uchun javobgarlik qat’iyligi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Turkum treninglar vodiy viloyatlari bo‘ylab joriy yilning 20 noyabriga qadar davom etadi.