Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya Yevropada bo‘lib, Avstriyaning bir qator idora va tashkilotlari bilan uchrashuv o‘tkazib kelmoqda.
Xususan, 17 noyabr kuni Agentlik vakillari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) direktor urinbosari Djon Brandalino o‘rtasida uchrashuv tashkillashtirildi.
Muloqot davomida Agentlik va BMT GJB o‘rtasidagi aloqalarining hozirgi holati, hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar e’tibori BMT GJB tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokamasiga qaratildi.
Tomonlar Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan aloqa mexanizmlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining hududiy kengashlari faoliyatini uslubiy jixatdan kullab-kuvvatlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, muzokaralar mobaynida bir qator istiqboldagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari ham atroflicha muxokama kilindi. Jumladan, BMT GJB tomonidan korrupsiyaning gender o‘lchovlarini ko‘rib chiqish yo‘nalishida hamkorlik qilish taklifi ma’qullandi.