Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropada bo‘ylab o‘tayotgan xizmat safari davomida Fransiyaning bir qator davlat idoralari va tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi.
Jumladan, 19 noyabr kuni delegatsiya Shaffoflik bo‘yicha Fransiya Oliy Kengashi rahbari o‘rinbosari Mishel Smaniotto bilan muloqot qildi.
Uchrashuv davomida Kengash tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va oldini olishda, xususan, yuqori bo‘g‘in lavozimlarini egallab turgan shaxslarning faoliyati davomidagi o‘zgarishlarni kuzatib borishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, davlat mansabdor shaxslarining halolligini ta’minlash, mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash, lobbi faoliyatini tartibga solish bo‘yicha mazkur tuzilmaning faoliyati va tajribasi o‘rganildi. Tomonlar bu borada mas’ul organlarning vakolatlari, tizimni joriy etishning huquqiy asoslari va bosqichlari, deklaratsiya to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etish, ularni ommaga oshkor qilish shartlari kabi masalalarni muhokama etishdi.
Muloqot yakunida kelgusida ushbu yunalishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.