Davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu yil 1 oktabrdan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga mazkur tuzilmalarni joriy etish va samarali faoliyat yuritishini tashkillashtirish vazifasi yuklatilgan edi.
Shunga asosan, joriy yilning 23--25 noyabr kunlari Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 214 ta davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (“komplayens-nazorat”) tizimini joriy etish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Unda ishtirokchilarga tashkilotda korrupsiyaga qarshi siyosatni yo‘lga qo‘yish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, xodimlar malakasini oshirish, korrupsiyaviy xabarlarni tekshirish kabi muhim yo‘nalishlarda ko‘rgazmali taqdimot shaklida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifa va funksiyalarning yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, ushbu tuzilmani turli tadbirlarga jalb qilish, vazifasiga kirmagan majburiyatlarni uning zimmasiga yuklash qa’tiyan taqiqlanadi. Ushbu talabning davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan bajarilishini Agentlik qa’tiy nazorat qilib boradi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishning ayrim masalalari — korrupsiyaga qarshi tadbirlar monitoringi, hisobotlarni yuritish, nomzodlarni ishga qabul qilish, o‘qitish, kontragentlarni tekshirish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tizimini joriy etish bo‘yicha tayyorlangan qo‘llanma tarqatildi. Ushbu qo‘llanmadan korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimining rivojlanish tarixi, vazifalari, ushbu tuzilmada ishlayotgan xodimlarning huquq va majburiyatlari kabi muhim ma’lumotlar o‘rin olgan.