Bugun, 26 noyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligida “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Harbiy sud hamda Harbiy prokuraturaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda korrupsiya davlat va jamiyat farovonligi uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekani qayd etilib, ushbu ijtimoiy illat keltirib chiqaradigan oqibatlar aniq misollar orqali tahlil qilindi.
E’tirof etilganidek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish maqsadida milliy qonunchilik hujjatlari tobora takomillashtirilib bormoqda va bu korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga xizmat qilmoqda.
Xususan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani ahamiyatlidir.
Muloqotda shu xususda so‘z yuritilar ekan, budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi qator yo‘nalishlarda korrupsiya holatlarining oldini olish va huqubuzarlikni o‘z vaqtida aniqlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ularning ijobiy natijalariga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishda dolzarblik kasb etayotgan vazifa va maqsadlar, istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.