Joriy yil 26 noyabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi Fiskal instituti huzuridagi Toshkent soliq texnikumida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan “Korrupsiya - rivojlanishimizga to‘siq!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
9 dekabr – "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish” kuniga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi va Toshkent shahar prokuraturasi mas’ul xodimlari, texnikum professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning korrupsiya haqidagi bilimlarini mustahkamlash, korrupsiogen huquqbuzarliklar yuzasidan xabardorligini oshirish, ushbu illatga qarshi kurashishda faolligini kuchaytirishdan iborat.
Ayni maqsadda Toshkent shahar soliq boshqarmasi tomonidan yosh ishtirokchilar uchun korrupsiyaning nechog‘li xavfli illat ekaniga oid qator bannerlar tayyorlandi. Shuningdek, “Korrupsiya jamiyatni yemiradi”, “Korrupsiya ‒ salbiy illat”, “Pora ‒ eng yomon chora” kabi mavzularda roliklar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mutaxassislar tomonidan korrupsion holatlarning salbiy oqibatlari haqida bildirilgan fikr va mulohazalar yoshlarning ushbu ijtimoiy illat yuzasidan qarashlarini zarur tushuncha va ko‘nikmalar bilan yanada boyitdi.